Ushbu Kodeksga muvofiq soliq toʻlovchi amortizatsiya qilinadigan aktivlar sifatida hisobga oladigan asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar ushbu Kodeks maqsadlarida amortizatsiya qilinadigan aktivlar deb eʼtirof etiladi. Oʻzbekiston Respublikasida birlik (toʻplam) uchun belgilangan (asosiy vosita sifatida eʼtirof etilgan sanadagi), qiymati bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdoridan yuqori boʻlgan, soliq toʻlovchida mulk huquqi asosida turgan (agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa) va soliq toʻlovchi tomonidan tovarlarni ishlab chiqarishda (xizmatlar koʻrsatishda) yoki maʼmuriy-boshqaruv ehtiyojlari uchun uzoq vaqt (davomiyligi oʻn ikki oydan ortiq vaqt) mobaynida foydalaniladigan mol-mulk soliq solish maqsadlarida asosiy vosita deb eʼtirof etiladi. Soliq toʻlovchi soliq davri uchun soliq solish maqsadlaridagi hisob siyosatida mol-mulk qiymatini asosiy vositalar tarkibida hisobga olish uchun mol-mulkning eng kam chegarasini belgilashga haqli. Quyidagilar ham amortizatsiya qilinadigan aktiv deb eʼtirof etiladi: ijaraga beruvchining (qarz beruvchining) roziligi bilan ijaraga va (yoki) bepul foydalanishga berilgan amortizatsiya qilinadigan aktivga ijaraga oluvchi (qarz oluvchi) tomonidan amalga oshirilgan ajratib boʻlmaydigan yaxshilash shaklidagi kapital qoʻyilmalar; soliq toʻlovchilar tomonidan oʻz mablagʻlari hisobidan ijtimoiy infratuzilma (elektr, gaz, issiqlik taʼminoti, suv taʼminoti, kanalizatsiya, yoʻl) tarmoqlarini qurish xarajatlari. Bunda mazkur xarajatlar ijtimoiy infratuzilma tarmoqlari tegishli taʼminotchi tashkilotga begʻaraz topshirilgan hamda Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazining tegishli xulosasi soliq organiga taqdim etilgan taqdirda asoslantirilgan deb hisoblanadi. Moliyaviy ijara shartnomasi (lizing shartnomasi) boʻyicha olingan amortizatsiya qilinadigan aktiv ijara (lizing) obyektini oluvchida amortizatsiya qilinadigan aktivlar tarkibiga kiritiladi. Quyidagi aktivlar amortizats