Soliq kodeksi 318-modda. Notijorat tashkilotlarining soliq bazasini aniqlashning oʻziga xos xususiyatlari

Ushbu Kodeksning 58-moddasida koʻrsatilgan shartlarga rioya etilgan taqdirda notijorat tashkilotining quyidagi daromadlariga soliq solinmaydi: 1) notijorat tashkilotlarining taʼminoti va ushbu Kodeksning 48-moddasida koʻrsatilgan ustav faoliyatini amalga oshirishi uchun maqsadli tushumlar; 2) kursdagi ijobiy farq summasining kursdagi salbiy farq summasidan ortiq qismi; 3) aholining diniy maqsadda foydalanishi uchun moʻljallangan tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan daromad. Notijorat tashkilotlarining ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilmagan daromadlariga umumiy belgilangan tartibda soliq solinadi. Notijorat tashkilotining ushbu Kodeksning 44-bobiga muvofiq xarajatlar jumlasiga kiritilishi lozim boʻlgan chiqimlari quyidagi usullarning biri orqali aniqlanadi: 1) ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilmagan daromadlarning notijorat tashkilotlari daromadlarining umumiy summasidagi ulushidan kelib chiqqan holda; 2) ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan daromadlar hisobidan amalga oshirilgan xarajatlarning va boshqa daromadlar hisobidan amalga oshirilgan xarajatlarning alohida-alohida hisobga olinishini nazarda tutuvchi soliq hisobi maʼlumotlari asosida. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hisob mavjud boʻlmagan va (yoki) ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan daromadlardan moʻljallangan maqsadda foydalanilmagan taqdirda (budjet mablagʻlari bundan mustasno), soliq toʻlovchi tomonidan olingan maqsadli mablagʻlar ushbu soliq toʻlovchining jami daromadi tarkibiga kiritiladi va unga umumiy belgilangan tartibda soliq solinadi. Maqsadli foydalanilmagan budjet mablagʻlariga nisbatan budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik normalari qoʻllaniladi. Ushbu moddaning qoidalari faoliyatni ijtimoiy sohada amalga oshiruvchi notijorat tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.