Soliq kodeksi 322-modda. Ishonchli boshqaruvda soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari

Ishonchli boshqaruv shartnomasi boʻyicha berilgan mol-mulk, ushbu boʻlim maqsadlarida, ishonchli boshqaruvchining daromadi deb eʼtirof etilmaydi. Ishonchli boshqaruv shartnomasiga muvofiq ishonchli boshqaruvchi tomonidan olinadigan pul mukofoti uning daromadi deb eʼtirof etiladi va unga ushbu Kodeksda belgilangan tartibda soliq solinadi. Agar ishonchli boshqaruv shartnomasida ishonchli boshqaruvni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarning oʻrnini ishonchli boshqaruv muassisi yoki boshqa shaxs tomonidan qoplash nazarda tutilmagan boʻlsa, mazkur xarajatlar ishonchli boshqaruvchining xarajatlari deb eʼtirof etiladi. Ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni ishonchli boshqarishga doir daromadlarni va xarajatlarni har oyda oʻsib boruvchi yakun bilan aniqlashi hamda muassisga va (yoki) ishonchli boshqaruvning boshqa naf oluvchisiga olingan daromadlar hamda xarajatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ushbu boʻlimga muvofiq soliq bazasini aniqlash chogʻida bu daromadlar va xarajatlarni mazkur shaxslar tomonidan hisobga olish uchun taqdim etishi shart. Qimmatli qogʻozlarni va muddatli bitimlarning moliyaviy vositalarini ishonchli boshqarish chogʻida ishonchli boshqaruvchi daromadlar hamda xarajatlarni ushbu Kodeksning 327 — 329-moddalarida nazarda tutilgan tartibda aniqlaydi. Agar ishonchli boshqaruv shartnomasi shartlariga koʻra, ishonchli boshqaruv muassisi yagona naf oluvchi boʻlsa, bunday muassisning soliq bazasini aniqlash quyidagi xususiyatlar inobatga olingan holda amalga oshiriladi: 1) ishonchli boshqaruv shartnomasini amalga oshirish bilan bogʻliq daromadlar va xarajatlar (shu jumladan mol-mulk amortizatsiyasi va ishonchli boshqaruvchiga pul mukofoti toʻlash) olingan daromadlarning hamda amalga oshirilgan xarajatlarning turiga qarab, ushbu boʻlimda belgilangan tartibda ishonchli boshqaruv muassisining daromadlari va xarajatlari tarkibiga kiritiladi; 2) qimmatli qogʻozlarga doir operatsiyalar va muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga oid operatsiyalar (ishonchli