Ushbu boʻlim maqsadida korxonani mol-mulk majmui sifatida sotib olish narxi va korxonaning mol-mulk kompleksi sifatidagi sof aktivlarining qiymati (majburiyatlar chegirib tashlangan holdagi aktivlar) oʻrtasidagi farq ushbu moddada belgilangan tartibda soliq toʻlovchining xarajati (daromadi) deb eʼtirof etiladi. Mazkur farq topshirish dalolatnomasi asosida narxga ustama (ijobiy farq boʻlganda) yoki narxdan siylov berish (salbiy farq boʻlganda) tarzida aniqlanadi. Korxona kim oshdi savdolarida xususiylashtirish tartibida yoki tanlov boʻyicha mol-mulk majmui sifatida sotib olingan taqdirda, xaridor tomonidan toʻlanadigan ustama (olinadigan chegirma) miqdori xarid narxi va korxonaning mol-mulk majmui sifatidagi baholash (boshlangʻich) qiymati oʻrtasidagi farq sifatida aniqlanadi. Xaridor tomonidan toʻlanadigan ustamaning (olinayotgan chegirmaning) summasi soliq solish maqsadida quyidagi tartibda hisobga olinadi: 1) mol-mulk majmui sifatidagi korxona xaridori tomonidan toʻlanadigan ustama xaridorning mol-mulk majmui sifatidagi korxonaga boʻlgan mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan oydan keyingi oydan eʼtiboran besh yil mobaynida bir meʼyorda uning xarajatlari deb eʼtirof etiladi; 2) mol-mulk majmui sifatidagi korxonaning xaridori tomonidan olinadigan siylov xaridorning mol-mulk majmui sifatidagi korxonaga boʻlgan mulk huquqining oʻtishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish amalga oshirilgan oydagi daromadi deb eʼtirof etiladi. Sotuvchining korxonani mol-mulk majmui sifatida realizatsiya qilishdan koʻrgan zarari ushbu Kodeksning 46-bobida belgilangan tartibda soliq solish maqsadlarida sotuvchi tomonidan hisobga olinadi.