Soliq kodeksi 39-modda. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari

Soliq solish maqsadida bir vaqtning oʻzida quyidagi shartlarga javob beradigan chet el yuridik shaxsi nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi deb eʼtirof etiladi: 1) chet el yuridik shaxsi Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb eʼtirof etilmaydi; 2) Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentlari deb eʼtirof etiladigan yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar chet el yuridik shaxsini nazorat qiluvchi shaxslar hisoblanadi. Nazorat qiluvchi shaxslari Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentlari deb eʼtirof etiladigan yuridik va (yoki) jismoniy shaxs boʻlgan, yuridik shaxsni tashkil etmagan chet el tuzilmasi ham nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi deb eʼtirof etiladi. Investitsiya fondining (pay fondining yoki jamoaviy investitsiyalarni amalga oshirish boshqa shaklining) boshqaruvchi kompaniyasini Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb eʼtirof etish oʻz-oʻzidan ushbu qismda koʻrsatilgan shaxs oʻzi uchun nazorat qiluvchi shaxs boʻlgan ushbu investitsiya fondini (pay fondini yoki jamoaviy investitsiyalarni amalga oshirishning boshqa shaklini) nazorat qiluvchi kompaniya deb eʼtirof etishga asos boʻlmaydi. Mazkur fondlar (jamoaviy investitsiyalarni amalga oshirishning boshqa shakllari) boshqaruvchi sheriklar yoki oʻzga shaxslar tomonidan boshqarilgan taqdirda ham shunday qoidalar qoʻllaniladi.