Jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiya soliq toʻlovchining olingan yillik daromadi toʻgʻrisidagi yozma arizasidan iborat boʻladi. Jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga toʻlangan daromadlar va ushlab qolingan soliq summalari toʻgʻrisida soliq agentining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan shakldagi maʼlumotnomasi ilova qilinadi. Jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning shakli Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Soliq organi tomonidan soliq toʻlovchi taqdim etgan jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiyada toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasining kamayishiga olib keluvchi xatolar aniqlangan taqdirda, soliq organi jami yillik daromad haqidagi taqdim etilgan deklaratsiyada aniqlangan xatolar toʻgʻrisida soliq toʻlovchiga bildirish xati yuboradi. Soliq organining xabarnomasini olgan soliq toʻlovchi oʻn kun ichida jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga zarur boʻlgan oʻzgartirishlarni kiritishi shart. Agar jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyani oʻzgartirish haqidagi ariza soliqni toʻlash muddati oʻtguniga qadar berilsa, soliq toʻlovchi ushbu Kodeksda belgilangan javobgarlikdan ozod etiladi. Agar jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyani oʻzgartirish haqidagi ariza soliqni toʻlash muddati oʻtganidan keyin, lekin xatolar soliq organi tomonidan aniqlanguniga qadar berilsa, soliq toʻlovchi soliqning yetishmayotgan summasini hamda unga tegishli penyani toʻlagan taqdirda, javobgarlikdan ozod etiladi. Soliq toʻlovchi soliq organining taqdim etilgan jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyada aniqlangan xato toʻgʻrisidagi bildirish xatini olgan kun soliq organi tomonidan xato aniqlangan kun, deb hisoblanadi.