Soliq kodeksi 435-modda. Soliq bazasi

Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organning maʼlumotlari boʻyicha yer uchastkalarining maydoni soliq bazasidir. Jismoniy shaxslarga berilgan, shuningdek dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar boʻyicha soliq bazasi ushbu Kodeks 428-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq soliq solinmaydigan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari chegirib tashlangan holda, yer uchastkalarining qonunchilikka muvofiq aniqlangan normativ qiymatidir. Bunda yer uchastkalarining normativ qiymati tegishincha tumanning (shaharning) sugʻoriladigan yoki sugʻorilmaydigan yerlari uchun oʻrtacha hisobda aniqlanadi. Jamoa bogʻdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun fuqarolarga berilgan, shuningdek yakka tartibdagi va jamoa garajlari egallagan yer uchastkalari boʻyicha soliq bazasi ushbu yer uchastkalarini bergan tashkilotlar boshqaruv organlarining maʼlumotlari boʻyicha aniqlanadi. Xizmat yuzasidan berilgan chek yer maydonlari boʻyicha soliq bazasi oʻz xodimlariga yer uchastkalarini bergan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning maʼlumotlari boʻyicha aniqlanadi. Davlat koʻchmas mulk obyektini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olgan xaridorga mazkur obyekt egallagan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchun soliq, agar mazkur obyektga “tasarruf etish huquqisiz” belgisini qoʻygan holda davlat orderi berilgan boʻlsa, yer uchastkasining xaridor tomonidan mazkur obyekt boʻyicha sotib olish toʻlovlarining toʻlangan qismiga mutanosib ravishdagi ulushga (foizga) teng maydoni. Bunda soliqlar davlat koʻchmas mulk obyekti boʻyicha sotib olish toʻlovlarini boʻlib-boʻlib toʻlash grafigiga amal qilgan holda undiriladi. Ushbu grafik Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Soliq qoʻmitasiga axborot tizimlari orqali taqdim etiladi.