Soliq kodeksi 439-modda. Soliqni hisoblab chiqarish tartibi

Soliqni hisoblab chiqarish yer uchastkasi joylashgan yerdagi soliq organlari tomonidan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organning maʼlumotlari asosida, jismoniy shaxslarga berilgan, shuningdek dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar boʻyicha esa qishloq xoʻjaligi ekinzorlarining normativ qiymatini aniqlovchi organning maʼlumotlariga asosan, ushbu Kodeks 435-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartibga muvofiq amalga oshiriladi. Soliq organlari har yili 1-martdan kechiktirmay soliq summasi va uni toʻlash muddatlari koʻrsatilgan toʻlov xabarnomasini jismoniy shaxslarga imzo qoʻydirib yoki mavjud boʻlgan taqdirda, soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga elektron tarzda, soliq toʻlovchining nomiga rasmiylashtirilgan uyali telefon raqamiga va soliq organlarining maxsus mobil ilovasiga SMS-xabarnoma tarzida, shuningdek toʻlov xabarnomasi olinganligi faktini va olingan sanani tasdiqlovchi boshqa usulda topshiradi. Yil mobaynida yer uchastkasi maydoni oʻzgarganda va imtiyozlarga boʻlgan huquq yuzaga kelganda (tugatilganda) soliq organlari mazkur oʻzgarishlardan keyin bir oy ichida soliqni qayta hisob-kitob qilishi hamda soliq toʻlovchiga soliq summasi va uni toʻlash muddatlari koʻrsatilgan yangi yoki qoʻshimcha toʻlov xabarnomasini taqdim etishi kerak. Koʻp kvartirali uylarda joylashgan turar joy boʻlmagan koʻchmas mulk obyektlari bilan band boʻlgan yer uchastkalari boʻyicha soliq turar joy boʻlmagan koʻchmas mulk obyektining qavatlar soniga boʻlingan maydonidan kelib chiqqan holda hisoblanadi.