Soliq kodeksi 47-modda. Hisobvaraq-faktura

Tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, mazkur tovarlarni (xizmatlarni) sotib oluvchilarga hisobvaraq-fakturani taqdim etishi shart. Hisobvaraq-faktura, qoida tariqasida, elektron hisobvaraq-fakturalarning axborot tizimida elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish chogʻida, agar sotuvchi xaridorga kassa cheki yoki belgilangan shakldagi boshqa hujjatni bersa, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanilmaydi. Realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) qiymati oʻzgarganda, shu jumladan yetkazib berilgan tovarlar yoki koʻrsatilgan xizmatlar narxi oʻzgargan yoxud miqdori (hajmi) aniqlashtirilgan hollarda, sotuvchi sotib oluvchiga ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda qoʻshimcha yoki tuzatilgan hisobvaraq-fakturani taqdim etishi shart. Ushbu Kodeksning 279-moddasiga muvofiq hisobga turishi lozim boʻlgan chet el yuridik shaxslari hisobvaraq-fakturalarni taqdim etmaydi, sotib olish reyestrlarini, sotish reyestrlarini, hisobga olish jurnallarini hamda ushbu Kodeks 282-moddasida koʻrsatilgan xizmatlarni koʻrsatish qismi boʻyicha qabul qilingan va berilgan hisobvaraq-fakturalarni yuritmaydi. Hisobvaraq-fakturaning shakli va uni toʻldirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.