Soliq kodeksi 470-modda. Soliqni hisoblab chiqarish, soliq hisobotlarini taqdim etish va soliqni toʻlash tartibi

Hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha soliq summasi soliq toʻlovchi tomonidan mustaqil ravishda aniqlanadi. Agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, hisobot davri yakunlari boʻyicha soliq summasi soliq davri boshidan ortib boruvchi yakun bilan soliq bazasining mos soliq stavkasiga foiz ulushi sifatida hisoblab chiqariladi. Soliq hisoboti soliq toʻlovchi (soliq agenti) tomonidan soliq hisobida turgan joyidagi soliq organiga quyidagi muddatlarda taqdim etiladi: 1) hisobot davri yakunlari boʻyicha — hisobot davridan keyingi oyning oʻn beshinchi kunidan kechiktirmay; 2) soliq davri yakunlari boʻyicha — soliq davridan keyingi davrning 15-fevralidan kechiktirmay. Ushbu Kodeks 465-moddasining toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlari boʻyicha soliq hisobotlari soliq agentlari tomonidan har bir yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs kesimida taqdim etiladi. Bunda hisoblangan va toʻlangan soliq hisobi yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs soliq toʻlovchi sifatida hisobda turgan joydagi soliq organidagi soliq toʻlovchining shaxsiy hisobvaragʻida yuritiladi. Hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha soliqni toʻlash tegishli hisobot (soliq) davri uchun soliq toʻlovchi (soliq agenti) tomonidan soliq hisobotini taqdim etish muddatidan kechiktirmay amalga oshiriladi.

XXI BOʻLIM. SOLIQ TOʻLOVCHILARNING AYRIM TOIFALARIGA VA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING AYRIM HUDUDLARIDA SOLIQ SOLISHNING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI

67-bob. Toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxslarga soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari