Soliq kodeksi 473-modda. Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga soliq solish shartlari

Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab, mol-mulk soligʻidan va yer soligʻidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilangan muddatga ozod qilish tarzida soliq imtiyozlari beriladi. Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari foyda soligʻini toʻlashdan oʻzi kiritgan investitsiyalar hajmiga qarab: 3 million AQSH dollaridan 5 million AQSH dollarigacha boʻlgan miqdordagi investitsiyalar uchun — 3 yil muddatga; 5 million AQSH dollaridan 15 million AQSH dollarigacha boʻlgan miqdordagi investitsiyalar uchun — 5 yil muddatga; 15 million AQSH dollari va undan yuqori miqdordagi investitsiyalar uchun — 10 yil muddatga ozod etiladi. 2026-yil 1-apreldan eʼtiboran maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini olgan soliq toʻlovchilarga nisbatan foyda soligʻi boʻyicha imtiyoz ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan, kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab belgilanadigan muddatga amortizatsiya qilinadigan asosiy vositalarni tezlashtirilgan amortizatsiya qilish huquqi tarzida qoʻllaniladi. Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan soliq imtiyozlari faqat investor (investorlar) va Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi oʻrtasida tuzilgan Maxsus iqtisodiy zona hududiga investitsiya kiritish toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutilgan maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining faoliyati turlariga nisbatan tatbiq etiladi. Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari qoʻshilgan qiymat soligʻi va boshqa soliqlar boʻyicha imtiyozlardan ushbu Kodeksga muvofiq foydalaniladilar.