Ushbu Kodeks maqsadida hisoblab chiqarilgan (hisoblangan) va belgilangan muddatlarda toʻlanmagan soliqlarning, shu jumladan ular boʻyicha boʻnak va joriy toʻlovlarning summalari, shuningdek ushbu Kodeksda belgilangan muddatda toʻlanmagan moliyaviy sanksiyalar va penyalar soliq qarzi deb eʼtirof etiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Majburiyatlar reyestri maʼlumotlarini vaqtincha saqlash yagona elektron bazasiga (bundan buyon matnda Majburiyatlar reyestri deb yuritiladi) kiritilgan ijro hujjatlari boʻyicha soliq qarzining hisobi alohida yuritiladi. Soliq toʻlovchining yoki soliq agentining soliq qarzi barcha soliqlar boʻyicha ham, ularning har biri boʻyicha alohida-alohida ham aniqlanishi mumkin. Soliq qarzini toʻlash, shu jumladan uni soliq organlari tomonidan undirish chogʻida toʻlash quyidagi tartibdagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi: 1) soliqlar summasi; 2) hisoblangan penyalar; 3) jarimalar.