Oʻzbekiston Respublikasining ushbu moddada nazarda tutilgan barcha shartlarni qanoatlantiruvchi yuridik shaxslari soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etishga haqli. Soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining ishtirokchilari tomonidan qanoatlantirilishi lozim boʻlgan ushbu moddada nazarda tutilgan shartlar, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, mazkur guruhni tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnomaning butun amal qilish muddati mobaynida bajarilishi kerak. Basharti bir yuridik shaxs boshqa yuridik shaxslarning ustav fondida (ustav kapitalida) bevosita va (yoki) bilvosita ishtirok etsa hamda har bir shunday yuridik shaxsdagi bunday ishtirok etish ulushi kamida 90 foizni tashkil etsa, yuridik shaxslar tomonidan soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi tashkil etilishi mumkin. Koʻrsatilgan shartga soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnomaning butun amal qilish muddati mobaynida rioya etilishi kerak. Bir yuridik shaxsning boshqa yuridik shaxsda ishtirok etish ulushi ushbu Kodeksning 38-moddasida belgilangan tartibda aniqlanadi. Yuridik shaxs soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnomaning tarafi sifatida quyidagi barcha shartlarni qanoatlantirishi kerak: agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, u qayta tashkil etilish yoki tugatilish jarayonida boʻlmasligi kerak; unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ish qoʻzgʻatilgan boʻlmasligi kerak; soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish (oʻzgartirish) toʻgʻrisidagi shartnomani roʻyxatdan oʻtkazish uchun hujjatlarni soliq organiga taqdim etish sanasidan oldingi oxirgi hisobot sanasidagi moliyaviy hisobot asosida hisob-kitob qilingan shaxs sof aktivlarining miqdori uning ustav fondi (ustav kapitali) miqdoridan oshishi kerak. Soliq toʻlovchila