Soliq kodeksi 85-modda. Soliq majburiyati

Soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan soliq toʻlovchilar zimmasiga yuklatilgan soliqlarni va yigʻimlarni toʻgʻri hisoblab chiqarish hamda oʻz vaqtida toʻlash majburiyati ularning soliq majburiyatidir. Soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan soliq agentlarining zimmasiga yuklatilgan, oʻziga nisbatan ushbu shaxslar soliq agentlari deb eʼtirof etiladigan munosabatlar doirasida soliqlarni toʻgʻri hisoblab chiqarish, ushlab qolish va oʻz vaqtida oʻtkazish majburiyati soliq majburiyatiga tenglashtiriladi. Soliq majburiyati ushbu Kodeks yoki boshqa soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan asoslar mavjud boʻlganda yuzaga keladi, oʻzgartiriladi va tugatiladi. Har bir soliqqa nisbatan soliq majburiyati soliq toʻlovchiga soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan ushbu soliqni toʻlashni nazarda tutuvchi holatlar yuzaga kelgan paytdan eʼtiboran yuklatiladi.