Agar manfaatdor shaxsga nisbatan quyidagi shartlardan hech boʻlmaganda bittasi bajarilayotgan boʻlsa, soliqni toʻlash muddati oʻzgartirilishi mumkin emas: 1) agar ushbu moddaning ikkinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishi bilan bogʻliq jinoyat alomatlari boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa; 2) ushbu shaxs bunday oʻzgartirishdan soliq solinishi lozim boʻlgan oʻz pul mablagʻlarini yoki boshqa mol-mulkini yashirish uchun foydalanishini yoki ushbu shaxs doimiy yashash uchun Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketishini taxmin qilish uchun yetarlicha asoslar mavjud boʻlsa; 3) ushbu shaxs soliqni toʻlash muddatini oʻzgartirish toʻgʻrisida ariza bergan kundan oldingi uch yil mobaynida ushbu Kodeksning 99-moddasida koʻrsatilgan organ tomonidan soliq toʻlash muddatini tegishli oʻzgartirish shartlari buzilganligi munosabati bilan ilgari berilgan kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisida qaror chiqarilgan boʻlsa; 4) shaxs bankrot deb topilgan boʻlsa; 5) shaxs ushbu Kodeks 100-moddasi ikkinchi qismining 3²-bandi boʻyicha yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga kiritilgan boʻlsa. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shartlar ushbu Kodeks 99-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, soliq toʻlash muddatini oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi mumkin emas, qabul qilingan qaror esa bekor qilinishi lozim. Qabul qilingan qaror bekor qilingani toʻgʻrisida manfaatdor shaxs va ushbu shaxs hisobda turgan joydagi soliq organi uch kunlik muddatda yozma shaklda xabardor qilinadi. Manfaatdor shaxs bunday qaror ustidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli. Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi boʻyicha foyda soligʻiga nisbatan soliq toʻlash muddatini oʻzgartirish amalga oshirilmaydi.