Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 14-modda. Vakilning vakolatlari

Vakilning vakolatlari qonunga muvofiq berilgan va rasmiylashtirilgan ishonchnoma bilan tasdiqlangan boʻlishi shart. Ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi vakil oʻzini vakil qilgan shaxs nomidan ijro ishi yuritish bilan bogʻliq barcha harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega. Vakil qilayotgan shaxs berayotgan ishonchnomada vakilning quyidagi harakatlarni amalga oshirish vakolatlari maxsus koʻrsatib oʻtilgan boʻlishi kerak: ijro hujjatini ijroga topshirish va uni chaqirib olish; undiruvdan voz kechish; vakolatlarni boshqa shaxsga oʻtkazish (ishonib topshirish); davlat ijrochisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish va uni rad qilish; undirilgan mol-mulkni (shu jumladan pulni) olish; kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzish.