Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 16-modda. Qonuniy vakillar

Ijro ishi yuritishda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan jismoniy shaxslarning huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini ularning qonuniy vakillari — ota-onalari, farzandlikka oluvchilari, vasiylari yoki homiylari himoya qiladilar. Ular oʻz vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar. Qonuniy vakillar amalga oshirish huquqi vakil qilinayotganlarga tegishli boʻlgan barcha harakatlarni qonunda nazarda tutilgan cheklanishlar bilan vakil qilinayotganlarning nomidan bajaradilar. Belgilangan tartibda bedarak yoʻqolgan deb topilgan jismoniy shaxs ishtirok etishi lozim boʻlgan ijro ishi yuritish boʻyicha, bedarak yoʻqolganning mol-mulki ishonchli boshqaruviga berilgan va qonunchilikda belgilangan tartibda tayinlangan shaxslar bedarak yoʻqolgan shaxsning vakili sifatida qatnashadilar. Vafot etgan yoki belgilangan tartibda vafot etgan deb eʼlon qilingan shaxsning merosxoʻri ishtirok etishi lozim boʻlgan ijro ishi yuritish boʻyicha, agar merosni hali hech kim qabul qilib olmagan boʻlsa, vasiy yoki meros mol-mulkni muhofaza qilish va boshqarish uchun tayinlangan saqlovchi merosxoʻrning vakili sifatida qatnashadi. Qonuniy vakillar ijro ishi yuritishda ishtirok etishni oʻzlari vakil sifatida tanlagan boshqa shaxsga topshirish huquqiga egadirlar.