Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 22-1-modda. Ijro ishi yuritishda xabarnomalar va chaqiruvlar

Ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi shaxslar davlat ijrochisi tomonidan chiqarilgan qarorlar haqida, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa ijro harakatlari toʻgʻrisida va majburiy ijro etish choralari haqida xabardor qilinadi, shuningdek davlat ijrochisining huzuriga yoxud ijro harakatlarini amalga oshirish joyiga chaqiruv qogʻozi, boshqa xabarnoma, telefonogramma, telegramma yoki boshqa aloqa vositalari (bundan buyon matnda chaqiruv qogʻozi, boshqa xabarnoma deb yuritiladi) orqali chaqirtiriladi. Ijro ishini yuritish doirasida qabul qilingan qarorlar va boshqa hujjatlar ijro ishini yuritishda ishtirok etuvchi jismoniy shaxslarga, mavjud boʻlgan taqdirda — ularning Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti orqali, shuningdek yuridik shaxslarga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi. Ijro hujjati darhol ijro etilishi lozim boʻlgan hollarda davlat ijrochisi ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi shaxslarni oldindan xabardor qilmasdan ijro harakatlarini amalga oshirishga va majburiy ijro etish choralarini qoʻllashga haqli. Agar ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi shaxs yoki uning vakili boshqa manzilni koʻrsatmagan boʻlsa, ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi shaxsga chaqiruv qogʻozi, boshqa xabarnoma ijro hujjatida koʻrsatilgan manzilga yuboriladi. Chaqiruv qogʻozi, boshqa xabarnoma ijro ishi yuritishda ishtirok etayotgan shaxsning ish, oʻqish joyiga yuborilishi mumkin. Ijro hujjatida undiruvchining yoki qarzdorning elektron pochta manzili yoki mobil telefonining raqami mavjud boʻlgan taqdirda (agar ular sudga yoki ijro hujjatini bergan boshqa organga (mansabdor shaxsga) taqdim etilgan boʻlsa), ijro ishini yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi bildirishnoma, ijro ishini yuritish doirasida qabul qilingan qarorlar va boshqa hujjatlar, ularning joʻnatilganligi va qabul qilib olinganligi faktini qayd etish imkonini beruvchi maxsus avtomatlashtirilgan tizimdan foydalangan holda elektron pochtaga yoxud mobil