Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 30-modda. Majburiy ijro etish muddatlari

Ijro harakatlari va ijro hujjatining talablari ijro hujjatining ixtiyoriy ijro etilishi uchun ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qarorda belgilangan muddat tugagan kundan eʼtiboran koʻpi bilan ikki oy muddat ichida davlat ijrochisi tomonidan amalga oshirilishi va ijro etilishi kerak. Ijro hujjatlarining quyidagi talablari darhol ijro etilishi kerak: alimentlar hamda uch oydan oshmagan ish haqini undirish toʻgʻrisidagi talablar; qonunga xilof ravishda mehnat shartnomasi bekor qilingan yoki qonunga xilof ravishda boshqa ishga oʻtkazilgan xodimni ishga tiklash toʻgʻrisidagi, mehnat shartnomasini bekor qilish asosining taʼrifini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi talablar; ijro hujjatida bayon etilgan talablar darhol ijro etilishi hujjatda koʻrsatilgan yoki darhol ijro etilishi qonunda nazarda tutilgan hollardagi boshqa ishlarga doir talablar. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddatga: ijro hujjati ijrosini kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib ijro qilish vaqti; ijro harakatlarini keyinga qoldirish vaqti; ijro ishi yuritishni toʻxtatib turish vaqti; mutaxassis tayinlash haqidagi qaror mutaxassisga yuborilgan kundan to uning xulosasi yoki ish natijalari toʻgʻrisidagi boshqa hujjat davlat ijrochisiga kelib tushgunigacha boʻlgan vaqt; mol-mulk realizatsiya qilishga topshirilgan kundan to bu mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushgan pul mablagʻlari Majburiy ijro byurosi organining depozit hisobvaragʻiga kelib tushgunigacha boʻlgan vaqt kirmaydi. Ijro harakatlarini amalga oshirish muddatining oʻtishi ijro ishi yuritishni tugatish yoki tamomlash uchun asos boʻlmaydi.