Ijroga topshirilgan ijro hujjatidagi talablar noaniq boʻlgan taqdirda davlat ijrochisi ijro hujjatini berish uchun asos boʻlgan sud hujjati yoki boshqa organ hujjatini, shuningdek qonunga koʻra ijro hujjati hisoblanadigan hujjatni tushuntirib berishni soʻrab ijro hujjatini bergan sud yoki boshqa organga ariza bilan murojaat qilishga haqli. Ijro hujjatini bergan sud yoki boshqa organ davlat ijrochisining murojaati kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddat ichida uni koʻrib chiqadi va ijro hujjatini berish uchun asos boʻlgan oʻzi qabul qilgan sud hujjati yoki boshqa organ hujjatining, shuningdek qonunga koʻra ijro hujjati hisoblanadigan hujjatning mazmunini oʻzgartirmagan holda unga tushuntirish beradi. Sud ijro hujjatiga tushuntirish berish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi, ijro hujjatini bergan boshqa organ esa qaror chiqaradi.