Davlat ijrochisi jarima tariqasidagi jinoiy jazoni ijro etishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisida qaror chiqarish bilan bir vaqtda hukm qilingan shaxsning yoki qarzdorning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash haqidagi qaror qabul qilishi shart. Agar hukm qilingan shaxs jazo tariqasida tayinlangan jarimani majburiy ijro etish uchun belgilangan muddatlarda toʻlashdan boʻyin tovlasa yoxud qarzdorda undiruv qaratilishi mumkin boʻlgan mol-mulk mavjud emasligi tufayli majburiy ijro etish uchun belgilangan muddat mobaynida jarimani undirishning imkoni boʻlmasa, xuddi shuningdek kechiktirish muddati tugaganidan keyin jarima toʻlanmagan yoki jarimani boʻlib-boʻlib toʻlash shartlari buzilgan taqdirda, davlat ijrochisi jarima tariqasidagi jazoni jazoning boshqa turi bilan almashtirish toʻgʻrisidagi taqdimnoma bilan sudga oʻn kunlik muddat ichida murojaat qiladi.