Ijro ishi yuritish quyidagi hollarda sud tomonidan toʻxtatib turilishi mumkin: 1) qarzdor yoki undiruvchi ijro hujjatini bergan tegishli sudga yoki boshqa organga ijro hujjatini kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib ijro etish, ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilganda; 2) qarzdor uzoq muddatli xizmat safarida boʻlganda; 3) qarzdor statsionar davolash muassasasida davolanayotganda; 4) davlat ijrochisining harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyat berilganda; 5) roʻyxatga olingan mol-mulkni baholash natijalari yuzasidan nizolashilganda; Ijro ishi yuritish quyidagi hollarda davlat ijrochisi tomonidan toʻxtatib turilishi mumkin: 1) davlat ijrochisi ijro etilishi lozim boʻlgan sud hujjati yoki boshqa organ hujjatini tushuntirish toʻgʻrisidagi, ijro hujjatini kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib ijro etish haqidagi, ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizalar bilan ijro hujjatini bergan tegishli sudga yoki boshqa organga murojaat qilganda; 2) qarzdor jismoniy shaxs, uning mol-mulki yoki olib qoʻyilishi lozim boʻlgan bola qidirilayotganda; 3) davlat ijrochisi tomonidan jarima tariqasidagi jinoiy jazoni boshqa jazo turiga almashtirish toʻgʻrisida sudga taqdimnoma kiritilganda; 4) undiruvchi iltimos qilganda. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh davlat ijrochilari ularga boʻysunuvchi davlat ijrochilarining harakatlari (harakatsizligi) va qarorlari ustidan shikoyat kelib tushganda, zarur boʻlgan hollarda, ijro ishi yuritishni toʻxtatib turishga haqli.