Ijro ishi yuritish quyidagi hollarda sud tomonidan tugatiladi: 1) undiruvchi yoki qarzdor vafot etganda, u vafot etgan deb eʼlon qilinganda, bedarak yoʻqolgan deb topilganda, agar sud hujjati yoxud boshqa organning hujjatida qoʻyilgan talablar yoki majburiyatlar huquqiy vorisga yoki bedarak yoʻqolganning mol-mulkini ishonchli boshqarib turgan shaxsga oʻtishi mumkin boʻlmasa; 2) muayyan harakatlarni amalga oshirish yoxud bunday harakatlarni amalga oshirishdan oʻzini tiyish majburiyatini yuklovchi ijro hujjatini ijro etish imkoniyati yoʻqolganda. Ijro ishi yuritish quyidagi hollarda davlat ijrochisi tomonidan tugatiladi: 1) undiruvchi undiruvdan voz kechganda, agar voz kechish sud tomonidan qabul qilingan boʻlsa; 2) undiruvchi va qarzdor oʻrtasida sud tomonidan tasdiqlangan kelishuv bitimi tuzilganda; 2¹ ) undiruvchi va qarzdor oʻrtasida mediativ kelishuv tuzilganda; 3) jarima tariqasidagi jinoiy jazoni boshqa jazo turiga almashtirish yoxud jarima tariqasidagi jinoiy jazodan amnistiya aktiga asosan ozod qilish toʻgʻrisida sud tomonidan ajrim chiqarilganda; 4) ijro hujjatini berishga asos boʻlgan sud hujjati yoki boshqa organning hujjati bekor qilinganda yoxud qonunga koʻra ijro hujjati boʻlgan hujjat bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda.