Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 43-4-modda. Majburiyatlar reyestridagi ijro hujjatlariga doir maʼlumotlarni saqlash va chiqarib tashlash tartibi hamda muddatlari

Ijro hujjatlariga doir maʼlumotlar Majburiyatlar reyestriga avtomatlashtirilgan tizim orqali kiritiladi va oʻn yil davomida saqlanadi. Ijro hujjatiga doir maʼlumotlarning Majburiyatlar reyestriga kiritilganligi qarzdorni qonunda belgilangan asoslar vujudga kelganda bankrot deb topish tartib-taomilini boshlashga toʻsqinlik qilmaydi. Ijro hujjatlariga doir maʼlumotlar quyidagi hollarda Majburiyatlar reyestridan chiqarib tashlanadi: 1) ijro ishini yuritish qayta tiklanganda; 2) ijro hujjati amalda ijro etilganda; 3) undiruvchining arizasiga koʻra; 4) ijro hujjati uni bergan sudning yoki boshqa organning talabiga koʻra ijro etilmasdan qaytarilganda; 5) iqtisodiy sudning qarzdor yuridik shaxsni bankrot deb topish va tugatish ishini yuritishni ochish toʻgʻrisidagi yoki qarzdor jismoniy shaxsni bankrot deb topish va uning mol-mulkini sotish tartib-taomilini boshlash toʻgʻrisidagi qarorining koʻchirma nusxasi olinganda; 6) qarzdor yuridik shaxs davlat reyestridan chiqarilganda; 7) qarzdorning mol-mulki yoki pul mablagʻlari haqidagi maʼlumotlar oʻn yil davomida aniqlanmaganda.