Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 46-modda. Majburiy ijro etish choralari

Quyidagilar majburiy ijro etish choralari hisoblanadi: 1) undiruvni qarzdorning pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkiga qaratish (bundan davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻsh turgan yer uchastkalari mustasno); 2) undiruvni qarzdorning boshqa shaxslarda turgan pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkiga qaratish; 2¹ ) undiruvni qarzdorning debitorlik qarziga, shu jumladan qarzdor undiruvchi sifatida ishtirok etayotgan ijro hujjati boʻyicha unga tegishli boʻlgan mablagʻlarga qaratish; 2² ) undiruvni qarzdorga tegishli boʻlgan alohida mulkiy huquqlarga qaratish; 3) undiruvni qarzdorning ish haqi, stipendiyasi, pensiyasi va boshqa turdagi daromadlariga qaratish; 4) ijro hujjatida koʻrsatilgan muayyan ashyolarni qarzdordan olib qoʻyish va undiruvchiga topshirish; 5) ijro hujjatining ijro etilishini taʼminlovchi qonunlarga muvofiq koʻriladigan boshqa choralar.