Qarzdordan topilgan va olib qoʻyilgan, ijro hujjatida koʻrsatilgan naqd chet el valyutasini davlat ijrochisi olib qoʻyilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay Majburiy ijro byurosi organining depozit hisobvaragʻiga topshiradi, ijro hujjatida koʻrsatilganidan boshqa chet el valyutasini yoki soʻmdagi naqd pul mablagʻlarini sotish (ijro hujjatida koʻrsatilgan tegishli chet el valyutasini sotib olish) uchun chet el valyutasida operatsiyalarni amalga oshirish huquqidan foydalanuvchi bankka topshiradi. Qarzdorning bank hisobvaragʻida, omonatida turgan yoki bankda saqlanayotgan, ijro hujjatida koʻrsatilganidan boshqa chet el valyutasidagi yoki soʻmdagi pul mablagʻlari xatlanganida, davlat ijrochisi oʻz qarori bilan vakolatli bank zimmasiga ijro hujjatini ijro etish uchun zarur boʻlgan miqdorda ijro hujjatida koʻrsatilgan tegishli chet el valyutasini sotib olish majburiyatini yuklaydi. Agar bank Oʻzbekiston Respublikasining ichki valyuta bozorida chet el valyutasi sotish yoki sotib olish huquqidan foydalanmayotgan boʻlsa, davlat ijrochisi uning zimmasiga chet el valyutasi yoki soʻmni shunday huquqdan foydalanuvchi bankka oʻtkazish majburiyatini yuklaydi. Vakolatli banklar tomonidan chet el valyutasida sotib olingan pul mablagʻlari ular tomonidan Majburiy ijro byurosining tegishli hududiy boshqarmasi depozit valyuta hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Qarz chet el valyutasida hisoblab chiqarilayotganda davlat ijrochisi ijro yigʻimi, shuningdek u tomonidan qarzdorga solingan jarimalarni va ijro xarajatlarini tegishli qaror chiqarilgan kundagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan chet el valyutasi kursidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqilgan miqdorda soʻmda hisoblab chiqaradi.