Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 5-modda. Ijro etilishi lozim boʻlgan sud hujjatlari va boshqa organlarning hujjatlari

Ushbu Qonunda belgilangan qoidalarga binoan quyidagilar ijro etilishi lozim: 1) fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarning, iqtisodiy va maʼmuriy sudlarning hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari; 2) jinoyat ishlari boʻyicha sudlarning hukmlari, ajrimlari va qarorlarining mulkiy undirishga oid qismi, shuningdek jarima tariqasidagi jazoni nazarda tutuvchi hukmlari, ajrimlari va qarorlari; 3) maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud qarorlarining mulkiy undirishga oid qismi; 3¹ ) Toshkent xalqaro tijorat sudining qarorlari; 4) alimentlar toʻlash toʻgʻrisidagi notarial tarzda tasdiqlangan kelishuvlar; 5) notariuslarning ijro xatlari; 6) mehnat nizolari komissiyalarining qarorlari; 7) maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatiga ega organlar (mansabdor shaxslar) chiqargan qarorlar; 8) hakamlik sudining qarorlari; 9) Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi yoki xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan hollarda chet el sudlari va arbitrajlarining qarorlari; 10) oʻzboshimchalik bilan turar joyni egallab olgan yoki avariya holatida deb topilgan uylarda yashayotgan shaxslarni maʼmuriy tartibda koʻchirish toʻgʻrisidagi prokurorlarning qarorlari; 11) davlat ijrochilarining ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollardagi qarorlari; 12) qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda boshqa organlarning hujjatlari.