Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 75-modda. Ijro harakatlarini amalga oshirish xarajatlari

Davlat ijrochilarining depozit hisobvaragʻida boʻlib, ijro harakatlarini tashkil etish va amalga oshirishga sarflangan mablagʻlar, shuningdek ijro ishini yuritishda ishtirok etuvchi taraflar va boshqa shaxslarning mablagʻlari ijro harakatlarini amalga oshirish xarajatlari hisoblanadi. Ijro harakatlarini amalga oshirish xarajatlariga quyidagilar kiradi: qarzdorning mol-mulkini tashish, saqlash va realizatsiya qilishga sarflangan mablagʻlar; ijro harakatlarini amalga oshirishga belgilangan tartibda jalb etilgan tarjimonlar, mutaxassislar va boshqa shaxslarga haq toʻlashga sarflangan mablagʻlar; undirilgan summalarni undiruvchiga pochta orqali oʻtkazishga (joʻnatishga) sarflangan mablagʻlar; qarzdorni, uning mol-mulkini yoki qarzdordan sudning qarori boʻyicha olib qoʻyilgan bolani qidirishga sarflangan mablagʻlar; ijro hujjatini ijro etish jarayonida amalga oshiriladigan boshqa zarur ijro harakatlariga sarflangan mablagʻlar. Ijro harakatlarini amalga oshirish xarajatlari hujjatlar bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.