Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 77-modda. Ijro harakatlarini amalga oshirish xarajatlarini qoplash tartibi

Ijro harakatlarini amalga oshirishga ketgan xarajatlar qarzdordan undirilib, davlat ijrochilarining depozit hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Ushbu Qonun 40-moddasining oltinchi qismida nazarda tutilgan hollarda ijro hujjatini ijro etish uchun qilingan xarajatlar undiruvchidan undiriladi. Koʻrsatilgan hollarda xarajatlarni undirish davlat ijrochisining qarori asosida amalga oshiriladi. Davlat ijrochisi qarorining nusxasi taraflarga uch kunlik muddatda yuboriladi. Davlat ijrochisining qarori yuzasidan sudga shikoyat berish yoki protest bildirish mumkin. Ushbu Qonun 42-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda qarzdorni yoki uning mol-mulkini qidirishga ketgan xarajatlarni qoplashni qarzdor rad etgan yoki undan boʻyin tovlagan taqdirda, ularni qoplash toʻgʻrisidagi masala undiruvchining arizasiga binoan yoki davlat ijrochisining tashabbusi bilan sud tartibida hal qilinadi. Bunda undiruvchi yoki davlat ijrochisi davlat boji toʻlashdan ozod etiladi.