Sudlar toʻgʻrisida 16-modda. Aybsizlik prezumpsiyasi

Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yoʻli bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi. Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas. Hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga koʻra yoʻl qoʻyiladi. Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas. Hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas.