Sudlar toʻgʻrisida 45-modda. Harbiy sudlar sudloviga taalluqli ishlar

Oʻzbekiston Respublikasi harbiy sudlari quyidagi ishlarni koʻradi: Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining, Davlat xavfsizlik xizmatining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Favqulodda vaziyatlar vazirligining, Ichki ishlar vazirligi qoʻshinlarining va qonunchilikka muvofiq tashkil etiladigan boshqa harbiy tuzilmalarning harbiy xizmatchilari, shuningdek oʻquv yigʻinlarida boʻlgan vaqtda harbiy xizmatga majburlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlarni; harbiy qismlar, qoʻshilmalar va birlashmalarning, harbiy boshqaruv organlarining qoʻmondonligiga nisbatan harbiy xizmatchilarning daʼvolari boʻyicha fuqarolik ishlarini hamda harbiy boshqaruv organlari qarorlari, harbiy mansabdor shaxslarning harbiy xizmatchilarning huquq va erkinliklarini buzuvchi xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyatlarni; alohida holatlar tufayli sudlar faoliyat koʻrsatmayotgan joylarda barcha fuqarolik va jinoyat ishlarini; qonun bilan oʻz vakolatiga kiritilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni; davlat sirlariga taalluqli ishlarni. Oʻzbekiston Respublikasi harbiy sudlari qonunga muvofiq boshqa ishlarni ham koʻrishi mumkin.