Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi, viloyat, Toshkent shahar maʼmuriy sudi raisi: sud faoliyatiga tashkiliy rahbarlikni amalga oshiradi; sud rayosatini chaqiradi va uning majlislarida raislik qiladi; sud rayosati qarorlarining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish boʻyicha ishlarni tashkil etadi; sud majlislarida raislik qiladi; quyi turuvchi sudlarning faoliyatini tashkil etishga koʻmaklashadi; sudyalarning va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha ishlarni tashkil etadi; sud amaliyotini umumlashtirish, sud amaliyoti obzorlarini tayyorlash va sud statistikasini yuritish boʻyicha ishlarni tashkil etadi; jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qiladi va ularning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha ishlarni tashkil etadi; sudyalar malaka hayʼati qarorlari, xulosalari ustidan Sudyalar oliy malaka hayʼatiga taqdimnomalar kiritadi; sudyalarning aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etadi, shuningdek jamoatchilikni har chorakda sudning faoliyati toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib boradi; sud apparati ishlariga rahbarlik qiladi, sud apparati xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi, viloyat, Toshkent shahar maʼmuriy sudi raisi yoʻqligida uning vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan tegishli sudning rais oʻrinbosari zimmasiga yuklatilishi mumkin. Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi, viloyat, Toshkent shahar maʼmuriy sudi raisi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.