Sudlar toʻgʻrisida 71-modda. Sudyaning vakolatlari muddati va uni hisoblash tartibi

Sudya birinchi marta besh yillik muddatga, navbatdagi oʻn yillik muddatga va lavozimda boʻlishning muddatsiz davriga belgilangan tartibda saylanadi yoki tayinlanadi. Sudyaning vakolatlari muddati uning sudyalik lavozimida boʻlgan umumiy stajidan kelib chiqqan holda hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshi yetmish yoshni, boshqa sudlar sudyalari uchun — oltmish besh yoshni tashkil etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshi oʻzining roziligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan besh yilgacha, boshqa sudlar sudyasining yoshi esa Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan xuddi shunday besh yilgacha uzaytirilishi mumkin. Sudya qonunchilikka muvofiq pensiyaga chiqish huquqini saqlab qoladi.