Sudya vakolatlari muddati davrida oʻzining roziligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan boshqa sudyalik lavozimiga oʻtkazilishi mumkin. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi sudyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlararo, tuman (shahar) sudi raisi, rais oʻrinbosari, sudyasi vakolat muddati davrida oʻzining roziligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi taqdimnomasiga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan boshqa sudyalik lavozimiga oʻtkazilishi mumkin. Bir sudning oʻzida sudyalik lavozimida boʻlish muddati, qoida tariqasida, ikki yildan kam boʻlmasligi kerak. Sudyani boshqa sudyalik lavozimiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi masala Sudyalar oliy malaka hayʼati xulosasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga koʻrib chiqish uchun kiritiladi.