Sudyaning ish haqi qonunchilikda belgilangan miqdorlarda va respublika budjeti mablagʻlari hisobidan toʻlanadigan oylik lavozim maoshidan, malaka darajasi, koʻp yillik xizmati, faxriy unvoni uchun har oylik ustama haqlardan iborat boʻladi. Normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq sudyalarga boshqa toʻlovlar ham amalga oshirilishi mumkin. Sudyalarga mehnatga haq toʻlashning belgilangan fondi doirasida mukofotlar toʻlanishi va moddiy yordam koʻrsatilishi mumkin. Sudyalar xizmat safariga yuborilganda havo, temir yoʻl, avtomobil yoʻlovchilar transportida (taksi va shahar yoʻlovchilar transporti bundan mustasno) joy band qilib qoʻyish va yoʻl hujjatlarini navbatsiz olish huquqidan foydalanadi.