Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida 20-modda. Adjaster

Adjaster sugʻurtalovchining, sugʻurta qildiruvchining va boshqa buyurtmachining topshirigʻi boʻyicha quyidagi xizmatlarni koʻrsatadigan, oʻz shtatida tegishli mutaxassislarga ega boʻlgan yuridik shaxs yoki professional bilim va malakaga ega boʻlgan jismoniy shaxsdir: sugʻurta hodisasi yuz berganidan keyin sugʻurta obyektini koʻzdan kechirish va tekshirish; sugʻurta hodisasi faktlarini va tavakkalchilik holatlarini tahlil qilish; sugʻurta obyektining shikastlanish sabablarini va sugʻurta hodisasi mavjudligini aniqlash; sugʻurta hodisasi mavjud boʻlgan taqdirda — sugʻurta hodisasi oqibatida vujudga kelgan shikastlanish darajasini va zarar miqdorini aniqlash; toʻlanishi lozim boʻlgan sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi) summasini aniqlash; sugʻurta hodisasi boʻyicha xulosa tuzish. Adjaster oʻz faoliyatini vakolatli davlat organini xabardor qilgan holda boshlaydi va tugatadi. Adjasterning xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatining talablari va shartlari qonunchilik hujjatlarida belgilanadi. Adjaster oʻz faoliyatini sugʻurtalovchi, sugʻurta qildiruvchi va boshqa buyurtmachi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi. Adjaster: sugʻurtalovchi sifatida sugʻurta va qayta sugʻurta operatsiyalarini oʻtkazishga; sugʻurta boʻyicha vositachilik faoliyatini amalga oshirishga; sugʻurtalovchilarning ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ishtirok etishga; sugʻurta qildiruvchining vakili sifatida sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi) summasini olishga haqli emas. Adjaster xizmati koʻrsatish natijalari hisobot tarzida rasmiylashtirilib, sugʻurtalovchi undan zararlarning oʻrnini qoplash va nizolarni hal qilish chogʻida foydalanishi mumkin. Adjasterning hisobotidagi xulosalar mustaqil sugʻurta ekspertizasi jarayonida qayta koʻrib chiqilishi mumkin.