Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida 29-modda. Sugʻurta shartnomasi

Sugʻurta qilish sugʻurta qildiruvchi va sugʻurtalovchi oʻrtasida tuziladigan sugʻurta shartnomasi asosida amalga oshiriladi. Sugʻurta shartnomasi sugʻurtalovchi va sugʻurta qildiruvchi oʻrtasida yozma yoki elektron shaklda tuzilgan bitim boʻlib, sugʻurta qildiruvchi unga muvofiq sugʻurta mukofotini (sugʻurta badalini) sugʻurta shartnomasida belgilangan tartibda, muddatlarda va hajmda toʻlaydi hamda sugʻurta shartnomasida yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajaradi, sugʻurtalovchi esa sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan muayyan voqea (sugʻurta hodisasi) yuz berganda sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) toʻlash majburiyatini oʻz zimmasiga oladi. Sugʻurta shartnomalarida franshiza nazarda tutilishi mumkin. Franshiza ham sugʻurta summasining foizlarida, ham muayyan summada belgilanishi mumkin hamda shartli va shartsiz franshizaga boʻlinadi. Sugʻurta shartnomasida franshizaning boshqa turlari nazarda tutilishi mumkin. Sugʻurta shartnomasining yozma yoki elektron shaklini tuzishga doir talablarga rioya etmaslik ushbu shartnomaning haqiqiy emasligiga sabab boʻladi. Vakolatli davlat organi sugʻurta shartnomasi shartlariga qoʻyiladigan eng kam talablarni belgilash huquqiga ega.