Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida 32-modda. Sugʻurta shartnomasi ishtirokchilari

Sugʻurtalovchilar, sugʻurta qildiruvchilar, sugʻurtalangan shaxslar, naf oluvchilar va manfaatdor shaxslar sugʻurta shartnomasining ishtirokchilari sifatida ish yuritishi mumkin. Sugʻurtalovchi bilan sugʻurta shartnomasini tuzuvchi va sugʻurta mukofotini (sugʻurta badallarini) toʻlovchi yuridik shaxs yoki muomalaga layoqatli jismoniy shaxs sugʻurta qildiruvchidir. Sugʻurta qildiruvchilar uchinchi shaxslarni (sugʻurtalangan shaxslarni) sugʻurta qilish toʻgʻrisida faqat ularning roziligi mavjud boʻlgan taqdirdagina sugʻurtalovchilar bilan shartnomalar tuzishi mumkin, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno. Sugʻurtada ishtirok etayotgan, mulkiy manfaatlari sugʻurta himoyasining obyekti boʻlgan jismoniy shaxs sugʻurtalangan shaxsdir. Sugʻurtalangan shaxs, agar oʻziga nisbatan sugʻurta shartnomasini tuzsa va hisoblangan sugʻurta mukofotini toʻlasa, sugʻurta qildiruvchi ham boʻlishi mumkin. Sugʻurta qildiruvchi (sugʻurtalangan shaxs) tomonidan sugʻurta tovonini yoki sugʻurta toʻlovini oluvchi sifatida tayinlangan jismoniy yoki yuridik shaxs naf oluvchidir. Naf oluvchi sugʻurta shartnomasi haqidagi axborotni sugʻurta qildiruvchidan, sugʻurtalangan shaxsdan yoki sugʻurtalovchidan olishga haqli.