Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida 51-modda. Ichki nazoratga va tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir talablar

Sugʻurta (qayta sugʻurta) tashkilotlari vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan ichki nazoratga va tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir talablarga rioya etishi shart. Vakolatli davlat organining talablari sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyat turining tizimli ahamiyatini, oʻziga xos xususiyatini, koʻlami va murakkabligini inobatga oladi. Vakolatli davlat organining ichki nazoratga va tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir talablari jumlasiga quyidagilar kiradi: prudensial talablar uchun moliyaviy, nazoratga oid hisobotlarning va boshqa hisobotlarning toʻliqligini, ishonchliligini hamda oʻz vaqtida topshirilishini taʼminlash; muhim ahamiyatga molik tavakkalchiliklarni aniqlash va boshqarish, stress-testdan oʻtkazish boʻyicha tasdiqlangan siyosatning, shuningdek muhim ahamiyatga molik tavakkalchiliklarga hamda kapitalga doir hisobotlar tizimining mavjudligi; sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) uchun muhim ahamiyatga molik tavakkalchiliklarni boshqarishga va ularning samaradorligini baholashga doir siyosatning izchil amalga oshirilishi hamda unga rioya etilishi; ichki hujjatlarda belgilangan tavakkalchiliklarning va kapitalning cheklangan miqdorlariga rioya etilishi, sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha qoʻllayotgan tartib-taomillar samaradorligi ustidan kuzatuv kengashi tomonidan nazoratni amalga oshirish.