Sugʻurta (qayta sugʻurta) tashkilotlari sugʻurtaning barcha yoki ayrim turlarini (klasslarini) amalga oshirishda oʻz faoliyatini tahlil qilish maqsadida zararni tavsiflovchi koeffitsiyentlar (zararlilik koeffitsiyenti, xarajatlar koeffitsiyenti, birlashtirilgan koeffitsiyent) hisob-kitobini amalga oshiradi. Zararlilikni tavsiflovchi koeffitsiyentlar (zararlilik koeffitsiyenti, xarajatlar koeffitsiyenti, birlashtirilgan koeffitsiyent) — sugʻurta (qayta sugʻurta) tashkiloti faoliyatining sugʻurtaning barcha yoki ayrim turlarini (klasslarini) amalga oshirish chogʻidagi zararliligini aks ettiruvchi nisbiy koʻrsatkichlardir. Zararlilikni tavsiflovchi koeffitsiyentlarni (zararlilik koeffitsiyentini, xarajatlar koeffitsiyentini, birlashtirilgan koeffitsiyentni) hisob-kitob qilish tartibi vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.