Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida 63-modda. Sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish

Sugʻurta xizmatlarining isteʼmolchilari sugʻurtalovchini va sugʻurta xizmatlarini tanlashda erkindir. Sugʻurtalovchilar isteʼmolchining talabiga binoan unga sugʻurta xizmatlarini koʻrsatish shartlari bilan tanishish imkoniyatini taqdim etishi shart. Sugʻurtalovchi shaxsni sugʻurta xizmatidan yoki mahsulotidan foydalanish sharti sifatida sugʻurtalovchining yoxud oʻzga uchinchi shaxsning boshqa sugʻurta xizmatidan yoki mahsulotidan foydalanishga majburlamasligi kerak. Sugʻurta xizmatlarini koʻrsatish jarayonida sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilariga sugʻurtalovchi tomonidan quyidagilar haqida haqqoniy va toʻliq axborot taqdim etilishi shart: sugʻurtalovchi (oshkora axborotni) va uning sugʻurta agenti haqida (vositachi ishtiroki mavjud boʻlganda); sugʻurta xizmati, uning narxi (sugʻurta mukofoti), sugʻurta mukofotini qaytarib berish shartlari, sugʻurta xizmatining isteʼmolchi uchun afzalliklari va kamchiliklari haqida; sugʻurta bilan himoyalangan tavakkalchiliklar, sugʻurta hodisasi hisoblanadigan va hisoblanmaydigan (istisno) holatlar, sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi) miqdori, sugʻurtalovchi va sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilarining majburiyatlari hamda ularni bajarmaslik oqibatlari va sugʻurta daʼvolarini hal etish tartibi haqida.