Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida 64-modda. Sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish choralari

Vakolatli davlat organi sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish boʻyicha vazifalarni bajarish uchun quyidagi choralarni koʻradi: sugʻurta tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan sugʻurta xizmatlari toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etish tartibini belgilaydi; sugʻurta tashkilotlari faoliyatidagi ular koʻrsatadigan xizmatlar isteʼmolchilarining huquqlari buzilishiga olib keluvchi tizimli kamchiliklarni aniqlaydi, shuningdek ularning oldini olish choralarini koʻradi; oʻz xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari buzilishiga yoʻl qoʻygan sugʻurta tashkilotlariga nisbatan choralar va sanksiyalar qoʻllaydi; sugʻurta tashkilotlari xizmatlari isteʼmolchilarining buzilgan huquqlarini tiklash borasida maslahatlar beradi va koʻmaklashadi; aholining va tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy savodxonligi darajasini oshirish choralarini koʻradi. Vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta bozori toʻgʻrisidagi axborotni aniqlaydi va oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi. Sugʻurta bozori professional ishtirokchilari isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlarda oʻz faoliyatiga qoʻyiladigan talablarga rioya etishini tekshirish uchun vakolatli davlat organi oʻz xodimlari sugʻurta bozori professional ishtirokchilari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarni sotib olishi yuzasidan nazorat tadbirlarini amalga oshirishga haqli. Nazorat tadbirlari sugʻurta bozorining professional ishtirokchilarini oldindan xabardor qilmasdan oʻtkaziladi.