Oʻzbekiston Respublikasi hududida faqat qayta sugʻurtani amalga oshirishga doir faoliyat qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda litsenziyalanishi lozim. Sugʻurta tashkiloti sugʻurta faoliyatining turlari (klasslari) boʻyicha sugʻurta tavakkalchiliklarini qayta sugʻurtaga oʻtkazishni va qabul qilishni sugʻurta faoliyatini amalga oshirish uchun olingan litsenziyaga muvofiq, qonunchilikda belgilangan prudensial normativlarga rioya etgan holda, qayta sugʻurtaga oid litsenziyani olmasdan turib amalga oshirishi mumkin. Qayta sugʻurtani qayta sugʻurtaga oid litsenziya asosida faoliyatning alohida turi sifatida amalga oshiruvchi qayta sugʻurta tashkiloti “hayotni sugʻurta qilish” va “umumiy sugʻurta” sohalarida sugʻurtaning barcha klasslari boʻyicha qayta sugʻurtani amalga oshirishga haqli. Rezident boʻlgan sugʻurtalovchilarning tuzilgan sugʻurta shartnomalari boʻyicha sugʻurta tovonlariga (sugʻurta toʻlovlariga) doir majburiyatlarini (bunday majburiyatlarning bir qismini) qayta sugʻurta qilish, oʻzi taʼsis etilgan mamlakatning milliy qonunchiligiga muvofiq qayta sugʻurta faoliyatini amalga oshirish huquqini olgan chet el sugʻurta tashkilotlari, qayta sugʻurta va (yoki) brokerlik tashkilotlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.