Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida 28-modda. Atrof-muhit monitoringi

Oʻzbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhitning holati va uning resurslarini kuzatish, hisobga olish, ularga baho berish va ularning istiqbolini belgilashni taʼminlash maqsadida atrof-muhitning davlat monitoringi tizimi tashkil etiladi. Atrof tabiiy muhitning holati, tabiiy resurslardan foydalanish ustidan kuzatuv maxsus vakolat berilgan idoralar, shuningdek faoliyati atrof tabiiy muhitning holatini yomonlashtiradigan yoki yomonlashtirishi mumkin boʻlgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tomonidan amalga oshiriladi. Maxsus vakolat berilgan idoralar, shuningdek aytib oʻtilgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar oʻz kuzatuvlariga doir materiallarni tegishli davlat idoralariga bepul berishlari shart. Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalarning monitoringi doirasida ifloslantiruvchi manbalarda oʻrnatiladigan avtomatik monitoring stansiyalari maʼlumotlarini Atrof-muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga real vaqt rejimida kiritishi shart. Atrof-muhitning monitoringini amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.