Xoʻjalik faoliyati va boshqa yoʻsindagi faoliyat, tabiat stixiyali kuchlarining vayron etuvchi taʼsiri yoxud roʻy bergan falokat yoki halokat natijasida muayyan hududlarning, shu jumladan suv va havo boʻshligʻining atrof tabiiy muhitda inson salomatligiga, tabiiy ekologiya tizimlarining, oʻsimlik va hayvonlar genetik fondlarining holatiga tahdid soluvchi barqaror salbiy oʻzgarishlar sodir boʻlayotgan qismi favqulodda ekologiya vaziyati mintaqalari deb eʼlon qilinadi. Muayyan hududning tabiat muvozanati, tabiiy ekologiya tizimlari buzilishi bilan bogʻliq holda tabiiy muhitda barqaror yoki tuzatib boʻlmas oʻzgarishlar roʻy bergan yoki roʻy berayotgan qismi ekologiya ofati mintaqalari deb eʼlon qilinadi. Favqulodda ekologiya vaziyati yoki ekologiya ofati mintaqalari deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi qaror qonunchilikda belgilab qoʻyilgan tartibda qabul qilinadi. Favqulodda ekologiya vaziyati va ekologiya ofati mintaqalarida shu vaziyatni keltirib chiqargan ishlar toʻxtatib qoʻyiladi, atrof tabiiy muhitga zararli taʼsir etuvchi faoliyat (aholiga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyat bundan mustasno) taqiqlanadi, tabiiy muhitni tiklash va sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari koʻriladi.