Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida 42-modda. Radioaktiv va kimyoviy moddalarni ishlatish paytidagi ekologiya talablari

Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va ayrim fuqarolar radioaktiv va kimyoviy moddalarni ishlab chiqarish, saqlash, tashish, qoʻllash, zararsizlantirish hamda koʻmib tashlash chogʻida ekologiya talablariga, belgilangan normativlar va qoidalarga rioya qilishlari, ularni qoʻllashning zararli oqibatlari oldini olish va bartaraf etish chora-tadbirlarini koʻrishlari, mazkur normativlardan oshib ketilgani taqdirda radiatsiya va kimyoviy xavfsizlikni taʼminlash idoralarini darhol xabardor etishlari shart. Radioaktiv chiqindilarni va kimyoviy moddalarni koʻmib tashlashga davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi boʻlganda, davlat sanitariya va konchilik nazorati organlari bilan kelishilganda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.