Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida 50-1-modda. Atrof-muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasidan foydalanish talablarini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar

Atrof-muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga maʼlumotlarni kiritmaganlik, toʻliq kiritmaganlik yoki notoʻgʻri maʼlumot kiritganlik uchun atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima tarzida moliyaviy sanksiya qoʻllaniladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiya yuridik shaxslar aniqlangan huquqbuzarliklardagi aybini tan olganda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan qoʻllaniladi, nizo mavjud boʻlgan hollarda yoki yuridik shaxs Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining qarorini olgan kundan eʼtiboran bir oy ichida moliyaviy sanksiya summasini ixtiyoriy ravishda toʻlamagan hollarda, moliyaviy sanksiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi masala sud tomonidan hal etiladi.