Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari taʼlim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari bilan kelishilgan holda davlat taʼlim muassasalarini tashkil etadi, qayta tashkil etadi va tugatadi, bundan respublika tasarrufidagi taʼlim muassasalari mustasno. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari: oʻz vakolatlari doirasida tegishli hududda davlat taʼlim muassasalari uchun moliyalashtirish hajmini belgilaydi; fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan taʼlim tashkilotlarini rivojlantirish masalalari yuzasidan hamkorlik qiladi; davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlarni (mikrouchastkalarni) belgilaydi; taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirishda taʼlim tashkilotlariga koʻmaklashadi; taʼlim oluvchilar uchun sifatli taʼlimni, tarbiyani taʼminlash, ularning isteʼdodini shakllantirish va namoyon etish maqsadida joylarda ularga zarur sharoitlar yaratish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqadi; oʻz vakolatlari doirasida taʼlim sohasidagi davlat-xususiy sheriklikni rivojlantiradi va nodavlat taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirishga koʻmaklashadi; umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari bandligini taʼminlashga koʻmaklashadi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.