Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi: davlat akkreditatsiyasi — davlat taʼlim muassasalari va tashkilotlari, shuningdek nodavlat taʼlim tashkilotlari (bundan buyon matnda taʼlim tashkilotlari deb yuritiladi) faoliyatining davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablariga hamda oʻquv dasturlariga muvofiqligining davlat tomonidan eʼtirof etilishi hamda ularning bitiruvchilariga maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatlarni topshirish huquqining taqdim etilishidan iborat jarayon; davlat taʼlim muassasasi — davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan davlat mulki boʻlgan mol-mulk negizida tashkil etilgan, davlat taʼlim standartlariga va davlat taʼlim talablariga muvofiq taʼlim beradigan muassasa; davlat taʼlim standartlari — davlat tomonidan taʼlimning mazmuni va sifatiga nisbatan belgilanadigan talablar majmui; davlat taʼlim talablari — taʼlimning tuzilmasiga, mazmuniga va uni amalga oshirish shart-sharoitlariga, shuningdek taʼlim oluvchilarning jismoniy, shaxsiy, intellektual, ilmiy hamda kasbiy sifatlariga qoʻyiladigan majburiy talablar; kompleks davlat akkreditatsiyasi — oʻrta maxsus, professional, oliy taʼlimni va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni, shuningdek kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarini tashqi baholash natijalariga asoslangan jarayon; maxsus davlat akkreditatsiyasi — oʻrta maxsus, professional, oliy taʼlimni va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni, shuningdek kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarida taʼlim dasturlari boʻyicha oʻquv jarayoni boshlanishidan oldin amalga oshiriladigan jarayon; malaka — shaxsning kasbiy faoliyatning muayyan turini bajarishga tayyorgarligini ifodalaydigan, maʼlumot toʻgʻrisidagi tegishli hujjat bilan tasdiqlanadigan bilim, qobiliyat, mahorat va koʻnikmalar darajasi; mutaxassislik — malaka berish bilan yakunlanadigan muayyan kasbiy tayyorgarlik turining nomi; nodavlat ta