Taʼlim toʻgʻrisida 36-modda. Taʼlim sohasidagi eksperimental va innovatsion faoliyat

Taʼlim sohasidagi eksperimental va innovatsion faoliyat taʼlimni modernizatsiya qilish maqsadida amalga oshiriladi hamda yangi taʼlim texnologiyalari va resurslarini ishlab chiqishga, ularni sinovdan oʻtkazishga hamda taʼlim jarayoniga joriy etishga qaratilgan. Eksperimental va innovatsion faoliyatni amalga oshirish tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Taʼlim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari innovatsion oʻquv dasturlari va loyihalarini amalga oshirish hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy etish uchun oʻz vakolatlari doirasida shart-sharoitlar yaratadi. Iqtisodiy rivojlanish va innovatsion faoliyat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, davlat tomonidan oliy taʼlim tashkilotlari olimlarining ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini ishlab chiqarish jarayoniga joriy etish uchun tegishli shart-sharoitlar, shuningdek oliy taʼlim tashkilotlari taʼlim jarayonining yanada takomillashtirilgan shakllariga bosqichma-bosqich oʻtishi uchun imkoniyatlar yaratiladi. Taʼlim tashkilotlari eksperimental va innovatsion faoliyatda masofaviy taʼlim texnologiyalaridan foydalanishi mumkin.